Albert Enshteyn

Buyuk fizik, nisbiylik nazariyasi asoschisi, kvant nazariya va statistik fizika asoschilaridan biri.

Germaniyada Ulm shahrida tug’ilgan. 14 yoshidan boshlab, oilasi bilan Shveytsariyada yashadi, u yerda 1900 yilda yilda Syurix politexnikumini tugalladi. 1902-1909 yillarda Bernda patent byuroning eksperti vazifasida ishladi. Shu yillarda Eynshteyn maxsus nisbiylik nazariyasini yaratdi, statistik fizika, broun harakati, nurlanish nazariyasi va boshqa sohalarda tadqiqot olib bordi. Eynshteynning ishlari shuhrat qozondi va 1909 yilda u Syurix universitetining, so’ngra Pragada Nemis universitetining professori bo’lib ishladi. 1914 yilda Eynshteyn Berlin universitetiga o’qituvchilikka taklif qilindi. O’zining Berlindagi hayoti davrida u umumiy nisbiylik nazariyasini yaratdi, nurlanishning kvant nazariyasini rivojlantirdi. Fotoeffekt qonunlarini ochganligi hamda nazariy fizika sohasidagi ishlari uchun Eynshteyn 1921 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo’ldi. 1933 yilda Germaniyada davlat tepasiga fashstlar kelganidan so’ng Eynshteyn AQShga, Pristonga ko’chib ketdi hamda u yerda umrining oxirigacha Oliy tadqiqotlar institutida ishladi.

1905 yilda yorug’lik tezligiga yaqin tezliklar bilan harakatlanuvchi jismlar mexanikasi va elektrodinamikasi – maxsus nisbiylik nazariyasini e’lon qildi. (Nisbiylik nazariyasi).

O’shandayoq Eyshteyn butun yadro energetikisi zaminida yotuvchi massa va energiyaning bog’lanishi qonunini ochdi. (E=mc2). Olim kvant nazariya taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. Uning fotoeffekt nazariyasida yorug’lik kvantlar oqimi (fotonlar) sifatida qaraladi. Fotonlarning mavjudligi 1922 yilda amerika fizigi A.Kompton eksperimentlarida tasdiqlangan edi. Eynshteyn fotoximiyaning asosiy qonuni (Eynshteyn qonuni)ni topdi; bu qonunga ko’ra, yutilgan har bir yorug’lik kvanti bitta elementar fotoximiyaviy reaktsiyani yuzaga keltiradi. 1916 yilda u nazariy tarzda, kvant elektronika asosida yotuvchi atomlarning induktsiyalangan (majburiy) nurlanish hodisasini bashorat qiladi.

Olim gravitatsion va elektromagnit o’zaro ta’sirlarni birlashtiruvchi maydonning yagona nazariyasini yaratish ustida ish olib bordi (Tabiat kuchlarining birligi ).

Eynshteyn ilmiy ishlari hozirgi zamon fizikasining – kvant elektrodinamika, atom va yadro fizikasi, elementar zarralar fizikasi, kosmologiya, astrofizikaning rivojlanishida katta rol o’ynadi.

A.Eynshteyn dunyodagi ko’pgina akademiyalar va ilmiy jamiyatlarning a’zosi edi. 1926 yilda u sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi qilib saylandi.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!(TEST!)

yosh-fizik. uz