Buyuk ingliz fizigi va matematigi, klassik mexanika asoschisi Isaak Nyuton Grantem shahri yaqinidagi Vulstorp qishlog’ida uncha boy bo’lmagan fermer oilasida tug’ildi. 12 yoshida Grantem maktabida o’qiy boshladi. 1661 yilda Nyuton Kembridj universitetining kollejlaridan biriga kirib, uni tugallaganidan so’ng bakalavr ilmiy darajasini oldi.
Nyutonning vabo epidemiyasidan yashirinib, o’zi tug’ilgan Vulstorpda o’tkazgan 1665-1667 yillari uning hayotida muhim o’rin egalladi. Bu yerda, asosan, olimni buyuk kashfiyotlarga olib kelgan g’oyalar shakllandi. Shular jumlasiga fizikaning matematik asoslari -differensial va integral hisobni yaratishga, butun olam tortishish qonunining ochilishiga, ko’zgu teleskopining ixtiro qilinishiga olib kelgan ishlar kiradi: shu yerda u yorug’likni ajratishga oid tajribalarni bajardi(q. Dispersiya).
1668 yilda Nyutonga magistr unvoni berildi va shundan so’ng u Kembridj universitetida fizika-matematika kafedrasiga boshchilik qila boshladi. 1672 yilda u London Qirollik jamiyatining a’zosi qilib saylandi, 1703 yilda esa uning prezidenti bo’ldi.
O’zi kashf qilgan butun olam tortishish qonunini Nyuton muvaffaqiyatli ravishda osmon jismlarining harakatini tushuntirishga tatbiq qildi. Bu qonunga ko’ra, barcha moddiy jismlar bir-biriga tortilib, bunda tortishish kuchi kattaligi jismlarning fizik va ximiyaviy xossalariga, ularning harakat holatiga, jismlar turgan muhitga bog’liq emas. Yerga tortilish har qanday moddiy jismni yerga tortilishi tufayli vujudga keluvchi og’irlik kuchining mavjudligidan namoyon bo’ladi. (Tortishish).
Nyuton ishlab chiqqan mexanika va fizikaning asosiy vazifalari zamonaning ilmiy muammolari bilan uzviy bog’langan edi. Masalan, optika asboblarining kamchiliklarinin bartaraf qilishga qaratilgan edi. “Yorug’lik va ranglarning yangi nazariyasi” (1962) nomli optikaga bag’ishlangan birinchi ishida Nyuton o’zining yorug’likning korpuskulyar gipotezasiga oid qarashlarini bayon qildi. Bu ish qizg’in bahsga sababchi bo’ldi. Nyutonning yorug’lik tabiati haqidagi korpuskulyar va va to’lqin tasavvurlarini o’z ichiga oluvchi gipotezani olg’a suradi. O’zining ko’p yillik optik tadqiqotlarini u 1704 yilda “Optika” kitobida e’lon qilib, unda o’sha zamon faniga ma’lum bo’lgan turli optik hodisalarining mukammal manzarasini chizib berdi.
Nyuton ilmiy izlanishlarining cho’qqisi uning «Tabiiy falsafaning matematik asoslari» (qisqacha – “Asoslari”) asaridir (1687). Unda olim butun klassik fizikaning asosini tashkil etgan yer va osmon mexanikasining yagona sistemasini yaratdi. Bu ilmiy asarida Nyuton fizikaning asosiy tushunchalari-massaga, zichlikka ekvivalent materiya miqdorining; impulsga ekvivalent harakat miqdorining; kuchning turli xillari va boshqalarning ta’riflarini berdi.
Nyuton qarashlarining ilmiy universalligi fizikaning kelgusi taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rasatdi.
yosh-fizik. uz