Kamera-obskura

Bunday kamera hatto uyg’onish davrining olimi va rassomi italiyalik Leonardo da Vinchiga ham ma’lum edi. Uning tuzilish prinsipi juda sodda: ob’ektdan qaytgan yorug’lik nurlari berk yashikdagi kichik tirqish orqali o’tadi va qarama-qarshi tomondagi devor—ekranga tushadi. Ekranda kichiklashtirilgan teskari tasvir hosil bo’ladi.

Kamerani yasash uncha qiyin emas. Taxta yoki karton yashikning bir devorini arralab, ichki tomonidan xira oyna yoki yarimshaffof qog’oz (kalka) mahkamlanadi. Ekranning qarshisidan kichik tirqish yasaladi. Endi tirqish oldiga bir necha metrda abajurli lampa (ravshan ob’ekt) qo’yilsa, xira oynada siz uning teskari tasvirini ko’rishingiz mumkin. Tirqish o’lchami kichiklashtirilgan sari tasvirning aniqligi ortib, ravshanligi kamaya boradi. Tirqishni juda kichiklashtirish mumkin emasligiga yana bir sabab bor—bunga yorug’lik difraktsiyasi hodisasi to’sqinlik qiladi. Tirqishdan oynagacha bo’lgan masofa 10 sm bo’lganida, tirqishning optimal diametri 0,5 mm bo’ladi. Biroq diametrni 1 mm qilib olish, ya’ni yashik devoriga oddiy ignani tiqib olish ham mumkin.

Kamera-obskura yoritilgan ob’ektni kichiklashtirilgan masshtabda rasmini chizishga imkon beradi. Aslida, dastlab u shu maqsadda ishlatilgan edi. Biroq keyinchalik, fotomateriallar ixtiro qilingandan so’ng, kamera birinchi fotografik apparat bo’lib qoldi.

Agar qorong’ilikda oyna o’rniga fotoplastinka qo’yib, yashikning orqa devori zichlab berkitilsa yoki parda bilan yopilsa, ob’ekt yoritilsa, ancha aniq negativ tasvir olish mumkin. Muhimi, kamerada tirqishlar bo’lmasligi lozim. Yorug’lik berish vaqti juda uzoq—o’nlab sekundlar, minutlar bo’ladi, shuning uchun bunday kamera bilan faqat qo’zg’almas ob’ektlarning suratini olish mumkin.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!(TEST!)

yosh-fizik. uz