Maykl Faradey (1791–1867)

O’zi o’qib yetishgan buyuk olim – elektr va magnit maydonlar to’g’risidagi ta’limot asoschisi bo’lgan insonni shunday, deb atash mumkin. Maykl Faradey muntazam ravishda o’qiy olmadi. Londonlik temirchining o’g’li, muqovasozning shogirdi bo’lgan Faradey faqat boshlang’ich maktabni tugatib, so’ngra butun umri bo’yi mustaqil o’qish bilan shug’ullandi.

Qirollik institutida buyuk ingliz kimyogari G. Devining ochiq leksiyalariga qatnashib, Faradey o’zini fanga bag’ishlashga qaror qildi. 1813 yilda G. Devi M. Faradeyning iltimosiga ko’ra uni Qirollik institutiga ishga oldi; 1827 yilda esa M. Faradey shu institutning professori bo’ldi. 1824 yilda u London qirollik jamiyatiga saylandi.

Uning ximiyaga oid dastlabki ishlariyoq yevropa olimlarining diqqatini o’ziga jalb etdi. Biroq fizika sohasidagi ishlari, aniqrog’i, elektr va magnetizm sohasidagi ishlari Faradeyga olamshumul shuhrat keltirdi. 1821 yilda u dunyoda birinchi elektr dvigatelni yasadi. O’sha paytdayoq Faradey o’zining kundaligiga o’z oldiga qo’ygan masalani yozib qo’ygan edi: «Magnetizmni elektrga aylantirish». Bu masalani hal qilishga 10 yilcha vaqt ketdi. Faqat 1831 yildagina Faradey «Elektr bo’yicha eksperimental tadqiqotlar»ni nashr qila boshladi.

O’zining bu uch tomlik asosiy ilmiy ishida olim o’zi o’tkazgan tajribalarga asoslanib elektromagnit induktsiya hodisasining kashf etilishini bayon etdi, uni qutbiy dinamomashina – birinchi elektr toki generatori konstruktsiyasini tavsiflab berdi. So’ngra Faradey elektrolizning asosiy qonunlarini ochdi, ular yangi fan sohasi – elektroximiyaning asosi bo’lib qoldi va nihoyat, fanda yangi g’oya – kuch chiziqlari g’oyasi, so’ngra elektromagnit maydonlarni kashf qildi.

Keyinchalik maydonlarning mavjudligi g’oyasini J. K. Maksvell matematik jihatdan isbotladi.

1845 yilda Faradey turli materiallarning magnit xossalarini tekshirib, paramagnetizm va diamagnetizm hodisasini kashf qildi (Magnetizm).

F. Engels Faradeyni elektr sohasidagi buyuk tadqiqotchi sifatida baholagan edi.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!

yosh-fizik. uz