Mixail Vasilevich Lomonosov (1711-1765)

Mixail Vasilevich Lomonosovning hayoti va faoliyati fan, texnika va madaniyat taraqqiyotida o’chmas iz qoldirdi.

Lomonosov Arxangelsk gubernasining Denisovka qishlog’ida pomor-dehqon oilasida tug’ildi. Ma’lumot olish maqsadida yosh Lomonosov 1730 yilning oxirida piyoda Moskvaga qarab yo’l oldi. Bu yerda u o’zini dvoryanni o’g’li deb tanitib, 1731 yilning yanvarida Moskva Slavyan-grek-lotin akademiyasiga o’qishga kirdi. 1735 yilda eng yaxshi o’quvchilar qatorida Lomonosov Peterburgga, Fanlar akademiyasi qoshida endigina ochilgan universitetga, so’ngra ma’lumotini davom ettirish uchun Germaniyaga yuborildi. 1741 yilda u Peterburgga Fanlar akademiyasiga qaytdi.

Lomonosovning ilmiy faoliyati nihoyatda serqirra bo’lib, mustaqil rus fanining, Rossiya ishlab chiqarish kuchlarining gullab-yashnashi uchun uzluksiz kurash sharoitida o’tdi.

1746 yilda u birinchi bo’lib rus tilida fizikadan ommaviy leksiyalar o’qiy boshladi, o’sha vaqtdayoq X.Volfning “Eksperimental fizika” asarining qisqartirilgan bayoni tarjimasini nashr qildi. 1748 yilda uning tashabbusi bilan Rossiyada birinchi ximiya ilmiy tadqiqot laboratoriyasi ochildi, unda Lomonosov o’zining fizika va ximiyaga oid tadqiqotlarini olib bordi.

Rossiyada ma’rifat tarqatish to’g’risida g’amxo’rlik qilib, Lomonosov aholining barcha tabaqalari uchun ochiq bo’lgan universitet yaratishni talab qildi. Lomonosovning ko’p urinishlaridan so’ng 1755 yilda uning loyihasi bo’yicha hozir M.V.Lomonosov nomi bilan Moskva universitet tashkil topdi.

Lomonosov qat’iy ishonch bilan atomistikani alohida-alohida favqulodda kichik zarralardan tashkil topgan materiyaning uzlukli (donador) tuzilishi haqidagi ta’limotni himoya qildi. U materiyaning zarralari ikki shaklda: atom («element») va atomlarning qandaydir (yopiq sistemasi bo’lgan molekula (korpuskula) ko’rinishida bo’lishi to’g’risidagi tasavvurni rivojlantirdi. Lomonosov uchun atomizm birinchi navbatda turli-tuman fizik hodisalarning sirlarini ochishga kalit bo’ladigan nazariy asos bo’lib xizmat qildi. Moddaning tuzilishi issiqlik uzatish, havoning elastiklik xossalari, jismlarning agregat holatlari tovush va boshqa fizik hodisalar – bularning hammasini, Lomonosovning fikricha, atomlarning yoki ular birikmalarining turli harakat shakllari yordamida tushuntirish mumkin.

Lomonosov molekulyar-kinetik nazariya asosiga materiya va harakatning saqlanish haqidagi ta’rifini asos qilib oldi: “...Tabiatda bo’ladigan barcha o’zgarishlar, mohiyati jihatidan shunday bo’ladi-ki, bir jismdan qancha nima olinsa, shuncha boshqa jismga qo’shiladi... Bu eng umumiy tabiiy qonun harakat qoidalariga ham taalluqli: chunki o’z kuchi bilan boshqa jismni harakatlantirayotgan jism o’zidan harakatlanayoggan jismga qancha kuch berayotgan bo’lsa. o’zidan shuncha kuch yo’qotadi”.

Lomonosovning “Issiqlik va sovuqlikning sabablari haqida mulohazalar” (1744) asarida bayon qilingan issiqlikning molekulyar harakat ekanligi haqidagi ta’limoti o’sha davr fanidan yuz yil ilgari o’tgan ulkan yutuq edi. M.V.Lomonosov atmosferadagi elektrni o’rganishga katta e’tibor berdi, bu tadqiqotlarni u G.V.Rixman bilan birgalikda olib bordi.

M.V.Lomonosov optik tadqiqotlar ham olib bordi. U “«tunda ko’radigan truba”ni kashf qildi, bu asbob predmetlarni oqshomda aniq ajratishga imkon berar edi. Olim qaytaruvchi (ko’zgu) teleskopni kashf qildi va uni yasadi. Uni astronomiya va geofizika ham qiziqtirar edi. 1761 yilda u Venerada atmosfera mavjudligini kashf qildi. O’zi yasagan mayatnik yordamida Lomonosov yer tortishishini o’rgandi.

Lomonosovning ilmiy faoliyati o’sha davrdagi tabiiy va gumanitar fanlarning barcha problemalarini qamrab olgan edi. A.S.Pushkinning obrazli ta’biricha, M.V.Lomonosov “bizning birinchi universitetimiz” edi.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!

yosh-fizik. uz