Yerning birinchi sun’iy yo’ldoshi uchirilgan 1957 yildan beri atigi chorak asr o’tgan bo’lishiga qaramay, shu qisqa davr ichida kosmik tadqiqotlar jahon fanida yetakchi o’rinlardan birini egalladi. Inson o’zini Koinotning grajdani sifatida his qilib, tabiiyki, o’z olami va uning atrofini yaxshiroq bilishni xohlab qoldi.
O’sha birinchi yo’ldoshimizoq yer atmosferasi yuqori qatlamlarining xossalari, radioto’lqinlarning ionosfera orqali o’tish xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar yubordi. Ikkinchi yo’ldosh butun boshli ilmiy yo’nalish – kosmik biologiyaga asos soldi: uning bortida birinchi marta kosmosga tirik mavjudot - Layka laqabli it uchirildi. Sobiq ittifoq apparatining orbitaga uchinchi parvozi yana yerni o’rganishga – uning atmosferasi, magnit maydoni, havo qobig’ining quyosh nurlanishi bilan ta’sirlashuvi, sayyoramiz atrofidagi meteorlar tabiatini tadqiq qilishga bag’ishlandi.
Dastlabki uchirishlardan keyin shu narsa ma’lum bo’ldiki, kosmosni tadqiq qilish muntazam ravishda, uzoq muddatli ilmiy programmalar asosida amalga oshirilishi lozim. 1962 yilda «Kosmos» seriyasidagi avtomatik yo’ldoshlarni uchirish boshlandi. Hozirga kelib (1987), ularning soni 2 mingga yaqinlashib qoldi. «Kosmos» yo’ldoshlari yerga yaqin va uzoq orbitalarga chiqariladi, sayyoraning yaqin atrofini, yuqori atmosferada va yer atrofidagi kosmik bo’shliqda sodir bo’ladigan turli-tuman hodisalarni o’rganish uchun mo’ljallangan ilmiy asboblar bilan jihozlanadi.
«Elektron» yo’ldoshlari va «Prognoz» orbital avtomatik observatoriyalari yordamida Quyosh haqida va uning yerdagi hayotga ta’siri to’g’risida ma’lumotlar olinadi. Yoritqichimizni o’rganish borasida biz olis yulduzlarning sirlarini bilib olamiz, hozircha yerda yasashning iloji bo’lmagan tabiiy termoyadro reaktorining ishi bilan tanishamiz. Kosmosdan biz «ko’rinmas Quyosh»ni, ya’ni uning ultrabinafsha, rentgen va gamma nurlardagi «portreti»ni ko’rdik (elektromagnit to’lqinlar spektrining bu uchastkalaridagi atmosferaning noshaffofligi tufayli bu nurlar yer sirtiga yetib kelmaydi). Quyoshni avtomatik yo’ldoshlardan tashqari kosmik orbital stansiyalarda sobiq ittifoq kosmonavtlari va amerika astronavtlari ham uzoq tadqiq qilishgan.
Kosmik tadqiqotlar tufayli biz yer atmosferasi va ionosferasi yuqori qatlamlarining tarkibi, tuzilishi va xossalarini, ularning quyosh aktivligiga bog’liqligini yaxshiroq bilib oldik, bu esa ob-havoni oldindan aytish va radioaloqa sharoitlarini aniqlashning ishonchliligini oshirdi.
«Kosmik ko’z» sayyoramizning faqat «tashqi turqi-tarovati»ni yangicha idrok qilishimizgagina emas, balki uning qa’riga «nigoh tashlashimizga» ham imkon berdi. Orbitadan yer qobig’ining geologik strukturasi yaxshiroq bilib olinadi, tuzilish qonuniyatlari va insonga zarur minerallarining joylashishi aniqroq o’rganiladi.
Yo’ldoshlar bir necha minutdayoq ulkan akvatoriyalarni kuzatishi va ularning suratlarini okeanolog mutaxassislarga uzatishi mumkin. Orbitalardan shamol yo’nalishi va tezligi, siklon uyurmalarining paydo bo’lish zonalari haqidagi ma’lumotlar olinadi.
1959 yildan boshlab yer yo’ldoshi - Oyni avtomatik stansiyalar yordamida o’rganish boshlandi. «Luna-3» stansiyasi Oy atrofini aylanib uchib, tarixda birinchi marta uning teskari tomoni fotosuratini oldi; «Luna-9» stansiyasi Oy sirtiga yumshoq qo’ndi. Oy to’g’risida to’laroq tasavvur hosil qilish uchun uni sun’iy yo’ldoshlar orbitalaridan uzoq kuzatish zarur edi. Bu yo’ldoshlardan birinchisi - sobiq ittifoq stansiyasi «Luna-10» 1966 yilda uchirildi. 1970 yil kuzida Oyga «Luna-16» stansiyasi uchirildi, u yerga Oy tuprog’i - jinslaridan namunalar keltirdi. Biroq Oy sirtini muntazam tarzda uzoq tadqiq qilish natijasidagina selenologlar bizning tabiiy yo’ldoshimiz - Oyning paydo bo’lishi va tuzilishini yaxshiroq bilib olishlari mumkin edi. Ko’p o’tmay, o’ziyurar ilmiy laboratoriyalar, lunoxodlar selenologlarga bunday imkoniyatni yaratdi. Oyni kosmik tadqiq qilish natijalari yerning paydo bo’lish tarixi haqida ham yangi ma’lumotlarni berdi.
Sayyoralarni o’rganishga doir programmalarning o’ziga xos xususiyatlari - planlilik, izchillik, hal qilinadigan masalalarni asta-sekin murakkablashtira borish - Venerani tadqiq qilish mobaynida ayniqsa yaqqol namoyon bo’ldi. Keyingi ikki o’n yillik bu sayyora haqida uni o’rganishning uch asrlik davridagiga qaraganda ko’proq ma’lumotlar berdi. Shu bilan birga, bu ma’lumotlarning ko’p qismini sobiq ittifoq texnikasi va fani topdi. «Venera» sayyoralararo avtomatik stansiyalarining tushiriladigan apparatlari sayyora sirtiga bir necha marta qo’ndi, uning atmosferasi va bulutlarini o’rgandi. Ushbu stansiyalari Veneraning birinchi sun’iy yo’ldoshlari bo’ldi.
1962 yildan boshlab sobiq ittifoq sayyoralararo avtomatik stansiyalari Mars sayyorasiga uchirila boshladi.
Kosmonavtika yerdan ancha olis sayyoralarni ham o’rganadi. Bugungi kunda Merkuriy, Yupiter, Saturn va ularning yo’ldoshlari sirtining televizion tasvirlarini kuzatish mumkin.
Ixtiyorida kosmik texnika mavjud bo’lgan astronomlar, tabiiyki, Quyosh sistemasini o’rganish bilangina cheklanib qolishmadi. Ularning atmosfera chegarasidan tashqariga chiqarilgan, qisqa to’lqinli kosmik nurlanishlar uchun shaffof bo’lmagan asboblari boshqa yulduzlar va galaktikalarga yo’naltirildi.
Ulardan kelayotgan ko’zga ko’rinmas nurlar - radioto’lqinlar, ultrabinafsha va infraqizil, rentgen va gamma nurlanishlar - Koinot qa’rida yuz berayotgan hodisalar haqida juda qimmatli ma’lumotlar eltadi (Astrofizika).
yosh-fizik. uz