Rus fizigi, akademik, optika sanoatining tashkilotchilaridan biri.
Peterburgda tug’ilgan. 1900 yilda Peterburg universitetini a’lo baholar bilan tugalladi. Uch yildan so’ng shu universitetning o’qituvchisi bo’ldi. 1919 yilda fizika bo’limini tashkil qildi va vaqt talablariga mos tarzda fizikani o’qitishni tubdan o’zgartirdi.
1909 yilda olim Rus fizika-ximiya jamiyatining fizika bo’limi majlisida spektral analiz sohasidagi tadqiqotlari bo’yicha axborot berdi (Spektroskopiya). Uning bu ishi spektral analiz nazariyasiga qo’shilgan katta hissa edi. Rojdestvenskiy sindirish ko’rsatkichining yorug’lik to’lqin uzunligiga bog’lanishini aniqlashning yangi metodini yaratdi. Shu metod yordamida atomlarning muhim xarakteristikalaridan biri – spektral chiziqlar intensivligini ham aniqlash mumkin.
Rojdestvenskiy mikroskop nazariyasini rivojlantirdi va takomillashtirdi hamda mikroskopda tasvir hosil bo’lishida interferentsiyaning muhim rolini ko’rsatib berdi. Eski Rossiyada optika sanoati bo’lmaganligidan zarur optik asboblar chet ellardan olinar edi. D. S. Rojdestvenskiyning tashabbusi hamda hukumatning qo’llashi tufayli 1918 yilda Petrogradda Davlat optika instituti tuzilganidan so’ng chet eldan optik asboblarni sotib olish keskin qisqardi. Rojdestvenskiy institutga 1932 yilgacha boshchilik qildi.
D. S. Rojdestvenskiy rus olimlari – optiklarining katta maktabini tarbiyalab yetishtirdi.
yosh-fizik. uz