Maks Karl Ernst Lyudvig Plank (1858-1947)

Plank Myunxen universntetida o’qigan paytida o’qituvchilaridan biri unga o’z ilmiy faoliyatini fizika bilan bog’lamaslikni maslahat bergandi. O’sha professorning gapiga qaraganda, bu fanning hashamatli binosi allaqachon qurib bo’lingan, faqat ayrim ikir-chikirlarigina qolgan edi. XIX asr oxirlarida fizikaning kelajagi haqida shunday fikrda bo’lgan olimlar kam emas edi.

Yosh Maks Plank universitetdagi ustozining gapiga kirmadi va yangi fizikaning asoschilaridan biriga aylandi. 1900 yilda Plank kvant nazariyaga asos soldi. Berlin fizika jamiyati yig’ilishida (1900 yil 14 dekabrda) u klassik fizika tasavvuriga zid bo’lgan g’ayritabiiy g’oyani bildirdi: energiya faqat ayrim, kichik va bo’linmas ulush yoki kvantlar tarzida nurlanishi va yutilishi mumkin. Kvant energiyasi tebranishlar chastotasiga proportsional, deb taxmin qilib, Plank absolyut qora jism energiyasining taqsimlanish qonuni xulosasini topdi. Plank doimiysi yangi dunyoviy konstantaga aylandi.

«...Plankning nurlanish qonuni, boshqa takliflardan qati nazar, atomlar absolyut kattaliklarining birinchi aniq ta’rifini berdi. Boz ustiga, materiyaning atom strukturasidan tashqari, Plank kiritgan uni­versal doimiy bilan boshqariladigan energiyaning atom strukturasi ham mavjudligini asosli tarzda ko’rsatdi. Bu kashfiyot XX asr fizikasidagi barcha tadqiqotlar uchun asos bo’ldi...» Oradan o’nlarcha yillar o’tgandan so’ng Plankning kvant nazariyasini Al­bert Eynshteyn shunday ifodaladi va o’zi birinchi bo’lib uni amalda qo’lladi (fotoeffekt izohi). 1918 yilda Plankga Nobel mukofoti berildi.

Eynshteynning nisbiylik nazariyasini birinchi bo’lib qabul qilgan va uni butunlay yoqlaganlardan biri Plank bo’ldi (u «nisbiylik nazariyasi» terminini ham taklif qilgan) hamda uni o’z ishlarida rivojlantirdi.

Plank termodinamika sohasida muhim tadqiqotlar o’tkazdi.

Plank butun umri mobaynida o’zining kvant nazariyasiga oid dastlabki tushunchalarini qayta-qayta ko’rib chiqdi va boshqa olimlarning yutuqlariga har doim qiziqish va e’tibor bilan qaradi. N. Borning atomning kvant nazariyasini va kvant mexanikaning paydo bo’lishini Plank yuqori baholadi.

U fizikaning falsafiy masalalariga ko’p e’tibor berdi, tez-tez ommaviy lektsiyalar va dokladlar qilib turdi, ulardan eng yaxshilari «Fizikada bilish yo’llari» kitobini tashkil qildi (1933 yilda nashr qilingan). Plank, fizikaning vazifasi real tashqi dunyoni o’rganishdir, deb hisoblardi va bu dunyoni materialistik nuqtai nazardan tushuntirishga intilardi.

Atom fizikasining yirik vakillaridan biri bo’lgan Plank fan olamida katta obro’ga ega edi. U ko’p mamlakatlarning akademiyalari va ilmiy jamiyatlari, shu jumladan, 1926 yildan sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining faxriy a’zoligiga saylangan.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!

yosh-fizik. uz