Lyudvik Bolsman (1844-1906)

Avstriya fizigi klassik statistik fizika va fizik kinetika asoschilaridan biri. Vena Fanlar akademiyasi va dunyodagi ko’p akademiyalar a’zosi.

Venada tug’ilgan. 1866 yilda Vena universitetini tugatgan. Vena, Leyptsig, Myunxen universitetlari va Gratsdagi universitet professori bo’lgan.

Bolsmanning ilmiy qiziqishlari fizikaning deyarli barcha sohalarini qamragandi. U mexanika, gidrodinamika, elastiklik nazariyasi, elektromagnit maydon nazariyasi, optika, termodinamikaga oid ishlar muallifi. Lekin uning gazlarning kinetik nazariyasiga doir tadqiqotlari ayniqsa ma’lum. Bolsman statistik metodlarni qo’llab, tashqi kuchlar, masalan, og’irlik kuchlari ta’sirida gaz molekulalari tezliklarining tarqalish qonunini topdi. Gazlar uchun asosiy kinetnk tenglamani chiqarib, fizik kinetikaga asos soldi. Bolsman termodinamikaning ikkinchi qonuniga statistik izoh berdi. Asosiy fizik doimiylardan biri, ya’ni universal gaz doimiysi R ning Avogadro soniga (Avogadro qonuni va soni) nisbatidan iborat bo’lgan doimiy: k=R/nA Bolsman doimiysi (1,38•10-23J/K) deb ataladi.

J. Maksvellning elektromagnit maydon nazariyasiga doir xulosalarini tekshirishga oid dastlabki eksperimental ishlar L. Bolsmanga tegishli Vena universiteti professori Y. Stefan eksperimentlarida olingan qizdirilgai jismlarning nurlanish qonunining ilmiy asosi (Stefan - Bolsman qonuni) ham muhim rol o’ynagan. Bu qonunga asos qilib olingan g’oyalardan keyinchalik M. Plank kvant maydon nazariyasini yaratishda foydalangan.

L. Bolsman molekulyar nazariyaning qat’iy tarafdori bo’lgan va uni fandagi ideal oqimlarga qarshi kurashda himoya qilgan.

Ma'lumotlardan nusxa ko'chirish uchun telegram botimizga o'ting!
Telegramda bizga qo'shiling!

yosh-fizik. uz