Atom tuzilishi va radioaktivlikni tadqiq qilish bo’yicha mashhur ingliz olimi, yadro fizikasinnng yaratuvchilardan biri. E. Rezerford London Kirollik jamiyati—Angliya Fanlar akademiyasining a’zosi edi, jahondagi turli mamlakatlarning 30 dan ortiq akademiyalari va ilmiy jamiyatlarining, shu jumladan sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi edi. 1908 yilda u radioaktivlikni tadqiq qilishga doir ishlari uchun Nobel mukofoti laureati bo’ldi.
1898 yilda Rezerford radioaktivlik hodisasini o’rganishga kirishdi. Uning bu sohadagi birinchi ulkan kashfiyoti uran chiqarayotgan nurlanishning bir jinsli emasligini aniqlash bo’ldi. Shunday qilib, fanga radioaktivlik haqida birinchi marta α-va β-nurlar haqidagi tushuncha kirdi (Alfa-yemirilish, Beta-yemirilshi). Shu yilning o’zida Rezerford o’z ilmiy faoliyatini boshlagan Kembrijdagi Kavendish laboratoriyasini tashlab, Kanadaga ko’chib o’tdi. Bu yerda u Monreal universitetining professori qilib tayinlandi. Olimning ko’pgina muhim kashfiyotlari ana shu ilmiy markaz bilan bog’liq. 1900 yilda u yangi radioaktiv element—toriy emanatsiyasini kashf etdi. 1901 —1903 yillarda ingliz olimi F. Soddi bilan hamkorlikda tekshirishlar olib bordi, natijada bir elementning boshqa elementga tabiiy aylanishi kashf etildi va atomlarning radioaktiv yemirilish nazariyasi ishlab chiqildi.
1907 yilda Rezerford Angliyaga qaytadi va Manchester universitetida ishlaydi. Bu yerda 1908 yilda u a-zarraning geliyning ikki marta ionlashgan atomi ekanini uzil-kesil isbotladi. 1911 yilda Rezerford maqola nashr qilib, unda atomning yadro (planetar) modelini taklif etdi. 1913 yilda N. Bor va G. Mozli ishlari paydo bo’ldi, ularni amalga oshishida E. Rezerfordning tadqiqotlari ko’p darajada ta’sir etdi. Nihoyat, 1919 yilda olim elementlarni sun’iy o’zgartirish mumkinligi haqidagi xulosaga keladi. E. Rezerford yangi atomistikaning asoschisi bo’ldi.
O’z hayotining oxirgi davrida (1919 yildan boshlab) u Kavendish laboratoriyasining direktori edi. Bu yerda u a-zarralar ta’sirida yadro reaktsiyalarning kechishini sinchiklab o’rgandi va atom yadrosi modeli haqidagi nazariy tasavvurlarni ishlab chiqdi. Rezerford 1921 yilda neytronning mavjudligini bashorat qildi, uni 1932 yilda Rezerfordning shogirdi J. Chedvik kashf qildi.
Rezerfordning ilmiy maktabi butun fizika tarixida eng yirik maktablardan biri, yadro fizikasi tarixida esa eng katta maktab bo’ldi. E. Rezerford shogirdlari G. Mozli, J. Chedvik va boshqa yirik ingliz olimlarini, shuningdek, N. Bor. O. Gan va boshqa chet el olimlarini tarbiyalab yetishtirdi. Fiziklar P. L. Kapitsa, Y. B. Xariton va boshqalar uning rahbarligida ishlaganlar.
yosh-fizik. uz