Rus fizigi va elektrotexnigi Emiliy Xristianovich Lens Derpt (hozirgi Tartu) shahrida tug’ildi. Derpt universitetida o’qidi, lekin o’qishni tugatmay, «Predpriyatiye» kemasida jahon bo’ylab uch yillik sayohatga jo’nadi. Kemada sayohat paytida yig’gan boy materiallari E.Lensga qator ajoyib geografik tadqiqotlar o’tkazishga imkon berdi. Ularning natijalariga qarab, 1828 yilda Lens Peterburg Fanlar akademiyasining ad’yunkti, 1834 yilda esa akademigi qilib saylandi va Fanlar akademiyasidagi fizika laboratoriyasini qaytadan qurishda faol ishtirok etdi. Bu yerda u elektr va magnetizm sohasidagi mashhur tadqiqotlarini boshladi.
Lensning ko’pgina ilmiy ishlari ichida eng mashhuri ikkita: «Elektrodinamik induktsiya uyg’otadigan galvanik toklarning yo’nalishini aniqlash to’g’risida» (1833) va «Galvanik tokning issiqlik ajratish qonunlari to’g’risida» (1842). Bularning birinchisida induktsion tokning yo’nalishini aniqlaydigan qoida ta’riflangan va u olimning nomi bilan ataladi. Lens qoidasi ga ko’ra, yopiq konturda hosil bo’ladigan induktsion tok shunday yo’nalganki, u vujudga keltirgan va kontur bilan chegaralangan yuzadan o’tayotgan magnit oqimi shu tok vujudga keltiradigan oqimning o’zgarishiga qarshilik qiladi. Ikkinchi ishida hozir fanda Joul–Lens qonuni sifatida malum bo’lgan qonun tavsiflangan. Elektr tokning issiqlik ta’sirini ifodalaydigan bu qonunni 1841 yilda ingliz fizigi J. Joul va undan mustasno 1842 yilda E. X. Lens topgan.
Lens elektr generatorida sodir bo’ladigan protsesslarni tahlil qilishda o’zgaruvchan tok egri chizig’ining shaklini o’rganish uchun o’zi yaratgan asbobdan foydalangan. U shuningdek, metallar qarshiligining temperaturaga bog’liqligini aniqladi, magnit oqimni o’lchaydigan ballistik metodlarni yaratdi (rus olimi B. S. Yakobi bilan hamkorlikda) va boshqa ishlarni qildi.
Lensning ilmiy ishlari uni elektr va elektrotexnikaning nazariy asoslari to’g’risidagi ta’limotning yaratuvchilaridan biri, deyishga asos bo’ladi.
U geofizikadagi – okeanlarda temperaturalar va sho’r suvlarning taqsimlanishi va turli kengliklarda havoning sutkalik temperatura o’zgarishiga oid ishlari bilan ham mashhur ilmiy faoliyatdan tashqari, E. X. Lens Peterburg universitetidagi fizika va tabiiy geografiya kafedrasini ko’p yillar boshqardi, 1863 yildan esa universitet rektori bo’ldi. Kelajakka ko’z tashlab, u o’rta maktablarda fizika o’qitishga katta ahamiyat berdi. Uning «Rus gimnaziyalari uchun yaratilgan fizikadan qo’llanma» (1839) ilmiy ishi 11 marta nashr etilgan.
yosh-fizik. uz